Fuqarolik protsessual kodeksi 419-7-modda. Taftish tartibidagi shikoyatning (protestning) mazmuni

Taftish tartibidagi shikoyatda (protestda) quyidagilar koʻrsatilishi kerak: 1) shikoyat (protest) yoʻllanilayotgan taftish instansiyasi sudining nomi; 2) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi), uning yashash joyi yoki joylashgan yeri (pochta manzili); 3) ishning raqami, shikoyat qilinayotgan (protest keltirilayotgan) hal qiluv qarori, ajrim, qaror qabul qilingan sana va ushbu sud hujjatini qabul qilgan sud; 4) hal qiluv qarorining, ajrimning, qarorning notoʻgʻriligi nimadan iborat ekanligi; 5) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning iltimosi; 6) shikoyatga (protestga) ilova qilingan yozma materiallarning roʻyxati. Taftish tartibidagi shikoyatni shikoyat berayotgan shaxs yoki uning vakili imzolaydi. Taftish tartibidagi protest uni keltirgan prokuror tomonidan imzolangan boʻlishi kerak. Taftish tartibidagi shikoyatda (protestda) shikoyatni (protestni) bergan shaxsning yoxud uning vakilining telefonlari va fakslari raqamlari, elektron pochta manzili koʻrsatilishi mumkin.