Sudda oʻz huquq va majburiyatlarini amalga oshirish layoqati voyaga yetgan fuqarolar va tashkilotlarga tegishlidir. Voyaga yetmagan, yaʼni yoshi oʻn toʻrtdan oʻn sakkizgacha boʻlgan fuqarolarning, shuningdek muomala layoqati cheklangan deb topilgan fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari sudda ularning ota-onalari, ularni farzandlikka olganlar yoki homiylar tomonidan himoya qilinadi. Ammo bu hol voyaga yetmaganlarni va muomala layoqati cheklangan deb topilgan fuqarolarni bunday ishlarda shaxsan ishtirok etish huquqidan mahrum qilmaydi. Ota-onalardan aliment undirish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha, shuningdek mehnat bilan bogʻliq huquqiy munosabatlardan va olingan ish haqini yoki boshqa daromadni tasarruf etish bilan bogʻliq bitimlardan kelib chiqadigan ishlar boʻyicha voyaga yetmaganlar sudda oʻz huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini shaxsan himoya qilish huquqiga ega. Bunday ishlarda voyaga yetmaganlarga yordam berish uchun ularning ota-onalarini, ularni farzandlikka olganlarni yoki homiylarni jalb qilish toʻgʻrisidagi masala sud tomonidan hal qilinadi. Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bola foydasiga ota-onadan yoki ularning biridan undirilishi belgilangan aliment miqdorini kamaytirish boʻyicha ishlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari jalb etiladi. Oʻn olti yoshga toʻlgan voyaga yetmagan shaxs qonunchilikda belgilangan tartibda muomalaga toʻla layoqatli deb eʼlon qilingan (emansipatsiya) taqdirda, sudda oʻz huquqlari va majburiyatlarini shaxsan amalga oshirishi mumkin. Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan kichik yoshdagi bolalarning, shuningdek ruhiy holati buzilganligi tufayli muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini sudda ularning qonuniy vakillari — ota-onalari, ularni farzandlikka olganlar yoki vasiylar himoya qiladi.