Fuqarolik protsessual kodeksi 44-modda. Taraflarning protsessual huquq va majburiyatlari

Taraflar protsessual huquqlardan teng foydalanadilar va teng majburiyatlarga ega boʻladilar. Daʼvogar bildirilgan talablarning asosini yoki predmetini oʻzgartirishga, qoʻshimcha talablar taqdim etishga, daʼvo talablarining miqdorini oshirishga yoxud kamaytirishga, ulardan toʻliq yoki qisman voz kechishga haqli. Javobgar daʼvogarning talabini toʻliq yoki qisman tan olishga, qarshi daʼvo taqdim etishga haqli. Daʼvo ishini yuritishda taraflar sud protsessining har qanday bosqichida ishni kelishuv bitimi tuzish yoki birinchi instansiya sudida sud alohida xonaga (maslahatxonaga) sud hujjatini qabul qilish uchun chiqquniga qadar mediativ kelishuv tuzish orqali tugallashga haqli.