Fuqarolik protsessual kodeksi 447-modda. Ijro varaqasi

Ijro varaqasi sud tomonidan berilgan, undiruvchining sud hujjatini majburiy ijro etishga boʻlgan huquqini tasdiqlovchi hujjatdir. Ijro varaqasida quyidagilar koʻrsatilishi lozim: 1) ijro varaqasini bergan sudning nomi; 2) ijro varaqasining qaysi ish boʻyicha berilganligi va uning raqami; 3) ijro etilishi lozim boʻlgan sud hujjati qabul qilingan sana; 4) undiruvchi va qarzdorning nomi, ularning manzillari; jismoniy shaxslar uchun — qarzdor jismoniy shaxsning tugʻilgan sanasi va joyi, ish joyi, shaxsiy identifikatsiya raqami (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan jismoniy shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarning rekvizitlari), mavjud boʻlgan taqdirda — undiruvchi jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, shuningdek undiruvchining va qarzdor yuridik shaxsning soliq toʻlovchi identifikatsiya raqami; 5) sud hujjatining qaror qismi; 6) sud hujjati kuchga kirgan sana; 7) ijro varaqasi berilgan sana va uni ijroga topshirish muddati. Sud hujjatiga asosan beriladigan ijro varaqasi sudyaning elektron raqamli imzosidan foydalangan holda rasmiylashtiriladi va QR-kod (matritsali shtrixli kod) bilan tasdiqlanadi. Bunda agar sud hujjatiga asosan berilgan ijro varaqasi Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida ijro etilishi lozim boʻlsa yoki undiruvchining iltimosnomasiga koʻra u sudning muhri va sudyaning imzosi bilan tasdiqlangan holda qogʻoz shaklida berilishi (yuborilishi, taqdim etilishi) mumkin.