Fuqarolik protsessual kodeksi 459-modda. Sud hujjatining qaytarma ijrosi toʻgʻrisidagi masalaning birinchi instansiya sudi tomonidan hal qilinishi

Ish yangidan koʻrish uchun oʻziga topshirilgan sud oʻz tashabbusi bilan qaytarma ijro toʻgʻrisidagi masalani koʻrishi va uni yangi sud hujjatida yoki ajrimida hal qilishi shart boʻlib, shu bilan ish yuritish tamomlanadi. Ishni yangidan koʻrayotgan sud bekor qilingan sud hujjatining qaytarma ijrosi toʻgʻrisidagi masalani hal qilmagan taqdirda, javobgar bu sudga qaytarma ijro toʻgʻrisida ariza berishga haqli. Bu ariza ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilgan holda, sud majlisida koʻriladi. Biroq bu shaxslarning kelmaganligi sud oldiga qoʻyilgan masalaning hal etilishi uchun toʻsqinlik qilmaydi. Sud hujjatining qaytarma ijrosi toʻgʻrisidagi ariza davlat boji toʻlanmagan holda umumiy daʼvo muddati ichida berilishi mumkin. Sud hujjatining qaytarma ijrosi toʻgʻrisidagi ariza ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda sud tomonidan koʻriladi. Arizaga ilgari qabul qilingan sud hujjatining ijrosini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi. Sud hujjatining qaytarma ijrosi toʻgʻrisidagi arizani koʻrish natijalari boʻyicha ajrim chiqariladi. Sud hujjatining qaytarma ijrosi toʻgʻrisidagi masala boʻyicha sudning ajrimi ustidan xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin. Sud hujjatining qaytarma ijrosi toʻgʻrisidagi ariza qanoatlantirilgan taqdirda, sud undirilgan pul mablagʻlarini, mol-mulkni yoki uning qiymatini qaytarish uchun ijro varaqasi beradi.