Ariza bergan prokuror daʼvogarning barcha protsessual huquqlaridan foydalanadi va barcha protsessual majburiyatlarini oʻz zimmasiga oladi, bundan kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv tuzish huquqi va sud xarajatlarini toʻlash majburiyati mustasno. Prokuror bergan arizasidan butunlay yoki qisman voz kechish, boshqa shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun oʻzi arz qilgan talablar boʻyicha sudga tushuntirishlar berish, ish mazmuni yuzasidan, shuningdek ishning muhokamasi vaqtida kelib chiqqan ayrim masalalar boʻyicha oʻz fikrini bayon etish, sud hujjati ustidan protest keltirish huquqiga ega. Agar daʼvogar rozi boʻlmasa, prokuror oʻzi arz qilgan talablarning asosini yoki predmetini oʻzgartirishga, qoʻshimcha talablar bildirishga, daʼvo talablarining miqdorini koʻpaytirishga yoxud kamaytirishga haqli emas. Prokuror tomonidan daʼvogarning huquqlarini himoya qilish uchun taqdim etilgan daʼvodan daʼvogarning voz kechishi, agar bu uchinchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qilmasa, daʼvo arizasini (arizani) koʻrmasdan qoldirishga olib keladi. Prokurorning boshqa shaxs manfaatlarini himoya qilish uchun taqdim etgan oʻz daʼvosidan (arizasidan) voz kechishi, ushbu shaxsni ishni mazmunan koʻrib chiqishni talab qilish huquqidan mahrum etmaydi.