Fuqarolik protsessual kodeksi 71-modda. Isbotlash vositalari

Taraflarning talablari va eʼtirozlarini asoslaydigan holatlarning mavjudligini yoki mavjud emasligini sudning qonunda belgilangan tartibda aniqlashiga asos boʻladigan har qanday faktik maʼlumot va ishni toʻgʻri hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan boshqa holatlar fuqarolik ishi boʻyicha dalillardir. Bu maʼlumotlar quyidagi vositalar, yaʼni: taraflarning va uchinchi shaxslarning hamda ular qonuniy vakillarining tushuntirishlari, guvohlarning koʻrsatuvlari, ashyoviy, yozma va raqamli dalillar, ekspertlarning xulosalari, mutaxassislarning maslahatlari (tushuntirishlari) bilan aniqlanadi. Anonim xatlarda va kelib chiqishi nomaʼlum boʻlgan yoki qonunni buzgan holda olingan boshqa maʼlumotlar dalil boʻla olmaydi. Taraflarning va uchinchi shaxslarning tushuntirishlari, guvohlarning koʻrsatuvlari ushbu Kodeksning 209-moddasida belgilangan tartibda videokonferensaloqa tizimidan foydalanish yoʻli bilan olinishi mumkin.