Fuqarolik protsessual kodeksi 94-modda. Ashyoviy dalillarni saqlash va qaytarib berish

Ashyoviy dalillar sudning ajrimiga binoan ishga qoʻshib qoʻyiladi va ishda saqlanadi yoki alohida roʻyxat qilinib, sudning ashyoviy dalillar saqlanadigan xonasiga topshiriladi. Sudga keltirib boʻlmaydigan ashyolar turgan joyida saqlanadi. Ular batafsil tavsiflangan, muhrlangan, zarur hollarda esa foto- yoki videosuratga olingan boʻlishi kerak. Sud, saqlovchi ashyoviy dalillarni oʻzgarmas holatda saqlash choralarini koʻradilar. Ashyoviy dalillarni saqlash xarajatlari taraflar oʻrtasida, ushbu Kodeksning 138-moddasida belgilangan qoidalarga muvofiq taqsimlanadi. Ashyoviy dalillar kimdan olingan boʻlsa, sud hujjati qonuniy kuchga kirganidan keyin oʻsha shaxslarga qaytarib beriladi yoki sud shu ashyoviy dalillarga kimning huquqi bor deb topgan boʻlsa, oʻsha shaxslarga beriladi. Ayrim hollarda sud ashyoviy dalillarni koʻzdan kechirganidan va tekshirganidan keyin, basharti ashyoviy dalillarni taqdim etgan shaxslar ularni qaytarib berish haqida iltimosnoma taqdim etgan boʻlsa va bunday iltimosnomani qanoatlantirish ishni koʻrib chiqish hamda hal qiluv qarorini ijro etish uchun zarar keltirmasa, ular kimdan olingan boʻlsa, oʻsha shaxslarga ish tamom boʻlguniga qadar qaytarib berilishi mumkin. Qonun boʻyicha fuqarolarning egaligida turishi mumkin boʻlmagan narsalar tegishli tashkilotlarga topshiriladi.