Hakamlik sudlari toʻgʻrisida 14-modda. Hakamlik sudyasiga qoʻyiladigan talablar

Hakamlik sudyalari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan maxsus dastur asosida oʻquv kursidan oʻtishi hamda oʻz bilimlarini va kasbiy malakasini doimiy ravishda oshirib borishi kerak. Yigirma besh yoshdan kichik boʻlmagan, nizoning xolis hal qilinishini taʼminlashga qodir boʻlgan, nizoning pirovard natijasidan bevosita yoki bilvosita manfaatdor boʻlmagan, hakamlik bitimi taraflaridan mustaqil boʻlgan va hakamlik sudyasi majburiyatlarini bajarishga rozilik bergan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi hakamlik sudyasi etib saylanishi (tayinlanishi) mumkin. Nizoni yakka tartibda hal qiluvchi hakamlik sudyasi oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlishi kerak. Nizo hayʼatda hal qilinayotganda hakamlik sudi tarkibining raisi oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlishi kerak. Hakamlik sudyasining malakasiga qoʻyiladigan talablar hakamlik bitimi taraflari oʻrtasida bevosita kelishib olinishi yoki doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining qoidalari bilan belgilanishi mumkin. Quyidagilar hakamlik sudyasi boʻlishi mumkin emas: muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxs; sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs; oʻz kasbiy faoliyatiga mos kelmaydigan qilmishlar sodir etganligi uchun sudya, advokat, notarius, tergovchi, prokuror yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning boshqa xodimi sifatidagi vakolati qonunda belgilangan tartibda tugatilgan shaxs; qonunda belgilangan mansab maqomiga muvofiq hakamlik sudyasi etib saylanishi (tayinlanishi) mumkin boʻlmagan shaxs.