Hakamlik sudlari toʻgʻrisida 17-modda. Hakamlik sudyasini rad qilish tartibi

Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudida hakamlik sudyasini rad qilish tartib-taomili doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining qoidalarida belgilanishi mumkin. Muvaqqat hakamlik sudida hakamlik sudyasini rad qilish tartib-taomili hakamlik muhokamasi taraflari tomonidan kelishib olinishi mumkin. Agar hakamlik sudyasini rad qilish tartib-taomili doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining qoidalarida belgilanmagan boʻlsa yoki hakamlik muhokamasi taraflari tomonidan kelishib olinmagan boʻlsa, hakamlik muhokamasi tarafi hakamlik sudyasini rad qilish haqidagi yozma arizani rad qilish sabablarini koʻrsatgan holda hakamlik sudi tarkibiga berishi kerak. Rad qilinishi talab etilayotgan hakamlik sudyasi rad qilish haqidagi masala koʻrib chiqilguniga qadar oʻz tushuntirishlarini berishga haqli. Agar rad qilinishi talab etilayotgan hakamlik sudyasi oʻzini oʻzi rad qilmasa yoki hakamlik muhokamasining boshqa tarafi hakamlik sudyasini rad qilishga rozi boʻlmasa, hakamlik sudyasini rad qilish haqidagi masala hakamlik sudi tarkibiga kiruvchi boshqa hakamlik sudyalari tomonidan hal etiladi. Rad qilishni yoqlab va unga qarshi berilgan ovozlar soni teng boʻlib qolsa, hakamlik sudyasi rad qilingan hisoblanadi. Hakamlik sudining butun tarkibini rad qilish haqidagi masalalar shu hakamlik sudi tarkibi tomonidan oddiy koʻpchilik ovoz bilan, nizoni yakka tartibda koʻradigan hakamlik sudyasini rad qilish toʻgʻrisidagi masalalar esa shu hakamlik sudyasining oʻzi tomonidan hal etiladi.