Hakamlik sudlari toʻgʻrisida 34-modda. Hujjatlarni va boshqa materiallarni yuborish

Hakamlik muhokamasi taraflaridan biri hakamlik sudiga taqdim etadigan barcha hujjatlarning va boshqa materiallarning nusxalari, agar hakamlik muhokamasi taraflari boshqacha shartlashmagan boʻlsalar, hakamlik sudi tomonidan hakamlik muhokamasining boshqa tarafiga topshirilishi kerak. Hakamlik sudi oʻz hal qiluv qarori uchun asos qilib oladigan ekspert xulosalari hakamlik sudi tomonidan hakamlik muhokamasi taraflariga topshirilishi kerak. Hujjatlar va boshqa materiallar, agar hakamlik muhokamasi taraflari boshqacha shartlashmagan boʻlsalar, ularning oʻzlari koʻrsatgan, hakamlik muhokamasi taraflari boʻlgan yuridik shaxsning oxirgi maʼlum boʻlgan joylashgan yeri (pochta manzili) yoki jismoniy shaxsning oxirgi maʼlum boʻlgan yashash joyi boʻyicha topshirilganligi maʼlum qilinadigan buyurtma xat bilan yoxud koʻrsatilgan hujjatlar hamda materiallar yetkazib berilganligi qayd etilishini nazarda tutuvchi boshqacha usul orqali yuboriladi. Hujjatlar va boshqa materiallar ular yetkazib berilgan kunda qabul qilib olingan hisoblanadi.