Hakamlik sudlari toʻgʻrisida 47-modda. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish asoslari

Vakolatli sud hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqayotganda hakamlik sudi aniqlagan holatlarni tekshirishga yoki hakamlik sudining hal qiluv qarorini mazmunan qayta koʻrib chiqishga haqli emas. Hakamlik sudining hal qiluv qarori, agar hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilishni soʻrab ariza bergan hakamlik muhokamasi tarafi quyidagi holatlarni isbotlovchi dalillarni taqdim etsa, vakolatli sud tomonidan bekor qilinishi kerak: hakamlik bitimining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha haqiqiy emasligini; hakamlik sudi hal qiluv qarorining hakamlik bitimida nazarda tutilmagan yoki uning shartlariga toʻgʻri kelmaydigan nizo boʻyicha chiqarilganligini yoxud unda hakamlik bitimi doirasidan chetga chiquvchi masalalar boʻyicha xulosalar mavjudligini. Agar hakamlik sudining hakamlik bitimi bilan qamrab olinadigan masalalar boʻyicha xulosalarini bunday bitim bilan qamrab olinmaydigan masalalar boʻyicha xulosalaridan ajratib olish mumkin boʻlsa, hakamlik sudi hal qiluv qarorining faqat hakamlik bitimi bilan qamrab olinmaydigan masalalar boʻyicha xulosalari boʻlgan qismi bekor qilinishi mumkin; hakamlik sudining hal qiluv qarori ushbu Qonun 10-moddasining birinchi va uchinchi qismlari talablari buzilgan holda chiqarilganligini; hakamlik sudi tarkibi yoki hakamlik muhokamasi ushbu Qonunning 14 , 15 , 16 va 25-moddalari qoidalariga muvofiq emasligini; hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik muhokamasi taraflarining qaysi biriga qarshi qabul qilingan boʻlsa, oʻsha taraf hakamlik sudyalarini saylash (tayinlash) toʻgʻrisida yoki hakamlik sudining majlisi boʻladigan vaqt va joy haqida tegishli tarzda xabardor qilinmaganligini hamda shu sababli u hakamlik sudiga oʻz tushuntirishlarini taqdim etolmaganligini. Agar hakamlik sudi tomonidan koʻrib chiqilgan nizo qonun hujjatlariga muvofiq hakamlik muhokamasining predmeti boʻlmasa, hakamlik sudining hal qiluv qarori vakolatli sud tomonidan bekor qilinishi kerak.