Ichki ishlar organlari maxsus avtotransport vositalari, shu jumladan ichki ishlar organlariga tegishlilikni bildiruvchi maxsus yorugʻlik signallariga va tovushli signallarga, boʻyoqli rangli grafika sxemasiga ega maxsus avtotransport vositalari, shuningdek boshqa maxsus vositalar bilan taʼminlanadi. Mehnatning qatnov xususiyati bilan bogʻliq boʻlgan xizmat majburiyatlarini bajaruvchi ichki ishlar organlari xodimlariga qonunchilikda belgilangan tartibda va miqdorlarda shahar yoʻlovchi transportidan (yoʻnalishli va yoʻnalishsiz taksilardan tashqari) foydalanish uchun oylik yoʻl chiptalari beriladi yoki pullik kompensatsiya toʻlanadi. Xizmat safariga yuborilgan ichki ishlar organlari xodimlariga transportning barcha turlariga yoʻl hujjatlarini safar guvohnomasini koʻrsatib navbatsiz olish huquqi beriladi. Shaxsiy transportdan xizmat safarlarida foydalanadigan ichki ishlar organlari xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda va miqdorlarda pullik kompensatsiya toʻlanadi.