Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida 8-modda. Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ushbu huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlarni hurmat qilish prinsipi

Ichki ishlar organlari oʻz faoliyatini fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ushbu huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlarni hurmat qilish asosida amalga oshiradi. Ichki ishlar organlari fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ularning jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, himoya qilinishini taʼminlaydi. Ichki ishlar organlarining fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini cheklovchi faoliyati, agar qonuniy maqsadga erishilgan boʻlsa yoki ushbu maqsadga fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini cheklash orqali erishib boʻlmasligi yoki erishilmasligi kerakligi aniqlansa, darhol toʻxtatiladi. Qiynoqlarga solish, zoʻravonlik qilish, boshqa shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsitadigan tarzda muomalada boʻlish ichki ishlar organi xodimiga taqiqlanadi. Ichki ishlar organining xodimi fuqaroga qasddan ogʻriq, jismoniy yoki maʼnaviy azob yetkaziladigan xatti-harakatlarga chek qoʻyishi shart. Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ichki ishlar organlari fuqaroning shaʼni, qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan, uning shaxsiy hayotiga taalluqli boʻlgan maʼlumotlarni oshkor qilishga haqli emas. Agar qonunda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, ichki ishlar organlari har bir fuqaroga oʻzlarida mavjud boʻlgan, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga bevosita daxldor boʻlgan hujjatlar hamda materiallar bilan tanishish imkoniyatini taʼminlashi shart. Ichki ishlar organi xodimi fuqaroga murojaat etganida: oʻz lavozimini, unvonini, familiyasini, ismini, otasining ismini aytishi, fuqaroning talabiga koʻra xizmat guvohnomasini koʻrsatishi, shundan soʻng murojaat qilishining sababi va maqsadini maʼlum qilishi; fuqaroga nisbatan uning huquq va erkinliklarini cheklovchi choralar qoʻllanilgan taqdirda, bunday choralar qoʻllanilishining sababini hamda asoslarini, shu