Ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni va ularga doir bitimlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun belgilangan tartibda binolar (inshootlar) garovi davlat reyestriga tegishli yozuv kiritish orqali amalga oshiriladi. Shartnoma asosidagi ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma asos boʻladi. Qonun asosidagi ipotekaning vujudga kelishiga sabab boʻluvchi kredit shartnomasi yoki qarz shartnomasi qonun asosidagi ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos boʻladi. Qonun asosidagi ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish alohida ariza berilmagan va roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun yigʻim toʻlanmagan holda amalga oshiriladi. Qonun asosidagi ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish, agar qonunda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, qaysi shaxsning huquqlariga ipoteka yuklangan boʻlsa, shu shaxsning mulk huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi. Qonun asosidagi ipoteka boʻyicha ipotekaga oluvchining huquqlari garov xati bilan tasdiqlanishi mumkin. Binolar (inshootlar) garovi davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan ipoteka toʻgʻrisidagi qayd yozuvi amalga oshirilgan kun ipoteka davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sana hisoblanadi. Ipoteka bilan taʼminlangan majburiyat mazmuni navbatdagi ipoteka bilan oʻzgartirilganda, shuningdek ipoteka narsasiga boʻlgan mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar bu mol-mulkni haq evaziga yoxud haq olmasdan tasarrufdan chiqarilishi natijasida yoki universal huquqiy vorislik tartibida ipotekaga quyuvchidan boshqa shaxsga oʻtkazilganida ipoteka qoʻshimcha ravishda davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi. Mazkur talabning bajarilmasligi ipoteka bilan taʼminlangan majburiyatda amalga oshirilgan oʻzgarishlar haqiqiy emasligini keltirib chiqaradi. Ipoteka bilan taʼminlangan majburiyat qarzdor tomonidan bajarilganida, ipotekaga oluvchi ipotekaga qoʻyuvchining talabiga koʻra roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga binolar (inshootlar) garovi davlat reyest