Ipoteka toʻgʻrisida 17-modda. Garov xatining shartlarini oʻzgartirish

Ipoteka bilan taʼminlangan majburiyat boʻyicha qarzdor, ipotekaga qoʻyuvchi va garov xatining qonuniy egasi garov xatining ilgari belgilangan shartlarini kelishuvga koʻra oʻzgartirishlari mumkin. Bu holda, shuningdek ipoteka bilan taʼminlangan majburiyat boʻyicha qarz boshqa shaxsga oʻtkazilayotganda kelishuvda garov xatini bekor qilish va shu bilan bir vaqtda tegishli oʻzgartirishlar hisobga olingan holda tuzilgan yangi garov xatini berish nazarda tutilishi kerak. Elektron garov xatiga oʻzgartirishlar kiritish garov xatining qonuniy egasi va garovga qoʻyuvchi tomonidan elektron garov xatiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi kelishuv (qoʻshimcha kelishuv) shaklini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida toʻldirish orqali amalga oshiriladi. Garov xatining mazmunini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi kelishuvni ariza beruvchi davlat roʻyxatidan oʻtkazishni soʻrab roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga murojaat etgan paytdan eʼtiboran bir ish kuni ichida amalga oshirilishi kerak. Bunday kelishuvni davlat roʻyxatidan oʻtkazish bepul amalga oshiriladi. Hujjatli garov xati bekor qilingan va shu bilan bir vaqtda yangi garov xati berilgan taqdirda, ipotekaga qoʻyuvchi roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga binolar (inshootlar) garovi davlat reyestriga oʻzgartirishlar kiritish haqidagi ariza bilan birgalikda yangi garov xatini beradi, bu garov xati ipotekaga oluvchiga uning qonuniy egaligida turgan garov xati oʻrniga topshiriladi. Bekor qilingan hujjatli garov xati roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ idoraviy arxivida ipoteka toʻgʻrisidagi qayd yozuvi oʻchirilguniga qadar saqlanadi. Bekor qilingan elektron garov xati oʻrniga berilgan yangi elektron garov xati roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” aksiyadorlik jamiyatiga va elektron garov xatining qonuniy egasiga yuboriladi.