Hujjatli garov xatining qonuniy egasi familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash joyini, agar garov xatining qonuniy egasi yuridik shaxs boʻlsa, uning nomi va joylashgan yerini (pochta manzilini) koʻrsatgan holda, oʻzining ipotekaga oluvchi sifatida belgilangan tartibda roʻyxatga olinishini roʻyxatdan oʻtkazuvchi organdan talab qilishga haqlidir. Garov xatining qonuniy egasidan u ipotekaga oluvchi sifatida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida lozim darajada tasdiqlangan isbotlovchi hujjat ilova qilingan holda xabarnoma olgan, ipoteka bilan taʼminlangan majburiyat boʻyicha qarzdor mazkur majburiyat boʻyicha oraliq toʻlovlarni har safar garov xati oʻziga koʻrsatilishini talab qilmasdan amalga oshirishi shart. Qarzdorning mazkur garov xati egasi oldidagi bunday majburiyati, garov xati boʻyicha oʻz huquqlaridan garov xatining egasi foydasiga voz kechilganligi toʻgʻrisida xabarnoma olgach, vujudga keladi. Garov xatining qonuniy egasi toʻgʻrisidagi qayd yozuvi, garov xati taqdim etilgan taqdirda, ariza beruvchi roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga murojaat etgan paytdan eʼtiboran bir ish kuni ichida quyidagilar: garov xati boʻyicha huquqni ushbu Qonunning 34-moddasiga muvofiq boshqa shaxsga oʻtkazish hamda garov xatiga belgi qoʻyish asosida, agar bunday yozuvni kiritgan shaxs garov xatining qonuniy egasi yoki ipotekaga oluvchi boʻlgan boʻlsa, garovga oʻtkazishga doir maxsus yozuv uning nomiga yozilgan, u garov xatini ushbu Qonunning 35-moddasi beshinchi qismida nazarda tutilgan tartibda sotgan boʻlsa; garov xati boʻyicha huquqlar yuridik shaxs qayta tashkil etilganligi natijasida yoki meros tartibida boshqa shaxslarga oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida; garov xati boʻyicha huquqlar ariza beruvchiga tegishli deb topilganligi toʻgʻrisidagi sud qarori asosida amalga oshirilishi kerak.