Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha garovga qoʻyilgan mol-mulkdan foydalanish va uni saqlash qoidalari, shuningdek mazkur mol-mulkni asrash majburiyatlari ipotekaga qoʻyuvchi tomonidan qoʻpol ravishda buzilgan hamda bunday qoidabuzarlik garovga qoʻyilgan mol-mulkning yoʻqolishi yoki shikastlanishi xavfini keltirib chiqargan taqdirda, shuningdek garovga qoʻyilgan mol-mulkni sugʻurta qilish boʻyicha majburiyatlar buzilgan yoxud ipotekaga oluvchiga garovga qoʻyilgan mol-mulkni tekshirishi asossiz ravishda rad etilgan taqdirda, ipotekaga oluvchi ipoteka bilan taʼminlangan majburiyatning muddatidan oldin bajarilishini talab qilishga haqli. Agar bunday talabni qanoatlantirish rad etilsa, ipotekaga oluvchi undiruvni qonunchilikda belgilangan tartibda ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratishga haqli. Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha garovga qoʻyilgan mol-mulkning tasodifan nobud boʻlishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfi, agar bunday shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ipotekaga qoʻyuvchining zimmasida boʻladi. Agar ipotekaga oluvchi javobgar boʻlmagan holatlarga koʻra garovdagi mol-mulk yoʻqolgan yoki majburiyatni ipoteka bilan taʼminlash jiddiy tarzda yomonlashgan darajada shikastlangan boʻlsa, ipotekaga oluvchi ipoteka bilan taʼminlangan majburiyatning muddatidan oldin bajarilishini, shu jumladan ushbu Qonunning 24-moddasiga muvofiq sugʻurta tovoni hisobidan bajarilishini talab qilishga haqli. Agar ipotekaga oluvchi bilan ipotekaga qoʻyuvchi oʻrtasida nobud boʻlgan yoki shikastlangan garovga qoʻyilgan mol-mulkni tiklash yoxud almashtirish toʻgʻrisida kelishuv tuzilgan va ipotekaga qoʻyuvchi bu kelishuv shartlarini lozim darajada bajarayotgan boʻlsa, ipotekaga oluvchi ipoteka bilan taʼminlangan majburiyatning muddatidan oldin bajarilishiga doir huquqlarni amalga oshira olmaydi.