Ipoteka toʻgʻrisida 24-modda. Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha garovga qoʻyilgan mol-mulkni sugʻurta qilish

Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha garovga qoʻyilgan mol-mulk, agar ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, yoʻqolish va shikastlanish xavfidan sugʻurta qilinishi kerak. Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomada garovga qoʻyilgan mol-mulkni sugʻurta qilish haqida boshqacha shartlar boʻlmagan taqdirda, ipotekaga qoʻyuvchi bu mol-mulkni yoʻqolish va shikastlanish xavfidan uning toʻliq qiymati boʻyicha, agar mol-mulkning toʻliq qiymati ipoteka bilan taʼminlangan majburiyat miqdoridan ortiq boʻlsa, shu majburiyat summasidan kam boʻlmagan summaga oʻz hisobidan sugʻurta qilishi shart. Ipotekaga oluvchi ipoteka bilan taʼminlangan majburiyat boʻyicha oʻz talabini, garovga qoʻyilgan mol-mulk kimning foydasiga sugʻurta qilinganligidan qatʼi nazar, bevosita garovdagi mol-mulk yoʻqolganligi yoki shikastlanganligi uchun toʻlanadigan sugʻurta tovoni hisobidan qanoatlantirish huquqiga ega. Bu talab ipotekaga qoʻyuvchining boshqa kreditorlari talablaridan hamda sugʻurta qaysi shaxslar foydasiga amalga oshirilgan boʻlsa, shu shaxslar talablaridan oldin imtiyozli tarzda qanoatlantirilishi kerak, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Agar garovga qoʻyilgan mol-mulk ipotekaga oluvchining oʻzi javobgar boʻlgan sabablarga koʻra yoʻqolgan yoki shikastlangan boʻlsa, ipotekaga oluvchi oʻz talabini sugʻurta tovoni hisobidan qanoatlantirish huquqidan mahrum boʻladi. Ipotekaga qoʻyuvchi uy yoki kvartira ipotekasi toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha kredit qaytarilishiga doir majburiyat bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi uchun kreditor oldidagi oʻz javobgarligi xavfini sugʻurtalashga haqli.