Agar ipotekaga qoʻyuvchining ipoteka narsasi boʻlgan mol-mulkka boʻlgan mulk huquqi mol-mulkning jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi (qayta sotib olinishi), rekvizitsiya yoki natsionalizatsiya qilinishi oqibatida qonunchilikda belgilangan tartibda tugatilsa va ipotekaga qoʻyuvchiga boshqa mol-mulk berilsa yoki tegishli haq toʻlansa, oʻrniga-oʻrin berilgan mol-mulkka nisbatan ipoteka joriy qilinadi yoxud ipotekaga oluvchi oʻz talablarini ipotekaga qoʻyuvchiga tegishi kerak boʻlgan haq summasidan imtiyozli qanoatlantirish huquqiga ega boʻladi. Ipotekaga oluvchi ipoteka bilan taʼminlangan majburiyatning muddatidan oldin bajarilishini hamda undiruvni ipotekaga qoʻyuvchiga olib qoʻyilgan mol-mulk oʻrniga berilgan mol-mulkka qaratishni talab qilishga haqli. Ipoteka narsasi boʻlgan mol-mulk amalda bu mol-mulkning mulkdori boshqa shaxs ekanligiga asosan (vindikatsiya) ipotekaga qoʻyuvchidan qonunda belgilangan tartibda olib qoʻyilgan hollarda ana shu mol-mulkka nisbatan ipoteka tugatiladi. Ipotekaga oluvchi ipoteka bilan taʼminlangan majburiyatning muddatidan oldin bajarilishini sudning tegishli qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin talab qilishga haqli.