Ipotekaga qoʻyuvchi har bir navbatdagi ipotekaga oluvchiga u bilan ipoteka toʻgʻrisidagi navbatdagi shartnoma tuzilguniga qadar mazkur mol-mulkning bungacha amal qilib turgan barcha ipotekalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni maʼlum qilishi shart. Ipotekaga qoʻyuvchi ipoteka toʻgʻrisidagi navbatdagi shartnoma tuzilganidan keyin darhol bu haqda oldingi ipotekalar boʻyicha ipotekaga oluvchilarni yozma shaklda xabardor qilishi va ularning talabiga asosan ularga navbatdagi ipoteka haqidagi maʼlumotlarni maʼlum qilishi shart. Ipoteka toʻgʻrisidagi navbatdagi shartnoma tuzilganidan keyin oldingi shartnomani oʻzgartirishga, agar ipoteka toʻgʻrisidagi oldingi shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, faqat navbatdagi shartnoma boʻyicha ipotekaga oluvchining roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Agar ipoteka toʻgʻrisidagi oldingi va navbatdagi shartnomalarda taraflar ayni oʻsha shaxslarning oʻzi boʻlsa, ushbu moddaning qoidalari qoʻllanilmaydi.