Garovga qoʻyilgan mol-mulkni sotish ochiq auksionda amalga oshiriladi, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa, yopiq auksion oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyiladi. Garovga qoʻyilgan mol-mulkni sotish boʻyicha auksion tashkilotchisi sifatida buning uchun ipotekaga oluvchi tomonidan ipotekaga qoʻyuvchining roziligi bilan tanlangan, ipotekaga oluvchi bilan shartnoma asosida faoliyat koʻrsatadigan va uning yoki oʻzining nomidan ish koʻradigan ixtisoslashgan tashkilot ish yuritadi. Ipotekaga oluvchi va ipotekaga qoʻyuvchi oʻrtasida ixtisoslashgan tashkilotni tanlash yuzasidan kelib chiqadigan nizolar sud tartibida hal etiladi. Auksionda gʻolib chiqqan shaxs va auksion tashkilotchisi auksion oʻtkazilgan kuni auksion natijalari toʻgʻrisidagi bayonnomani imzolaydilar. Auksionda gʻolib chiqqan shaxs xarid narxini toʻlagan paytdan eʼtiboran besh kun ichida auksion tashkilotchisi u bilan notarial tartibda tasdiqlangan shartnomaga tenglashtiriladigan oldi-sotdi shartnomasini tuzadi. Bu shartnoma va auksion natijalari toʻgʻrisidagi bayonnoma binolar (inshootlar) garovi davlat reyestriga zarur yozuvlar kiritish uchun asos boʻladi.