Ipoteka toʻgʻrisida 53-modda. Undiruvni garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratish ijrosini kechiktirish

Ipotekaga qoʻyuvchi fuqaro (jismoniy shaxs) boʻlgan hollarda, basharti garov bu fuqaroning (jismoniy shaxsning) tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi bilan bogʻliq boʻlmasa, u ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha qanday mol-mulkni garovga qoʻyganidan qatʼi nazar, uzrli sabablar boʻlgan taqdirda, sudning qaroriga koʻra undiruvni ijroga qaratish ipotekaga qoʻyuvchining arizasiga muvofiq sud tomonidan bir yilgacha muddatga kechiktirilishi mumkin. Undiruvni garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratish ijrosini kechiktirish bu mol-mulk ipotekasi bilan taʼminlangan majburiyat boʻyicha taraflarning huquq va majburiyatlariga daxl etmaydi hamda qarzdorni kreditorning kechiktirish davri mobaynida koʻpaygan zararlarini oʻrnini qoplashdan, kreditorga tegishi kerak boʻlgan foizlar va neustoykani toʻlashdan ozod qilmaydi. Agar qarzdor unga kechiktirish tufayli berilgan vaqt doirasida kreditorning ipoteka bilan taʼminlangan talablarini mazkur talablarni qanoatlantirish paytidagi hajmda qanoatlantirsa, sud ipotekaga qoʻyuvchining arizasiga koʻra, undiruvni garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratish toʻgʻrisidagi qarorini bekor qiladi. Garovga qoʻyilgan mol-mulkni realizatsiya qilishni kechiktirishga, agar kechiktirish ipotekaga oluvchining moliyaviy ahvoli jiddiy tarzda yomonlshuviga olib kelishi mumkin boʻlsa, yoʻl qoʻyilmaydi.