Ipotekaga qoʻyuvchi garovga qoʻyilgan korxonaga nisbatan mazkur korxonaga tegishli mol-mulkni sotish, ayirboshlash, ijaraga berish, qarzga berish va boshqacha tarzda tasarruf etishga, shuningdek mazkur mol-mulk tarkibiga oʻzgartishlar kiritishga, agar ular korxonaga tegishli mol-mulkning ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomada koʻrsatilgan umumiy qiymati kamayishiga olib kelmasa hamda ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomaning boshqa shartlarini buzmasa, haqli. Agar ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ipotekaga qoʻyuvchi ipotekaga oluvchining ruxsatisiz korxonaga tegishli mol-mulkni garovga qoʻyishga, korxonaga tegishli koʻchmas mulkni tasarrufdan chiqarishga qaratilgan bitimlar tuzishga haqli emas. Ipotekaga oluvchi ipotekaga qoʻyuvchiga nisbatan oʻz talablarining bajarilishini taʼminlash maqsadida: ipotekaga qoʻyuvchidan buxgalteriya va boshqa hisobot hujjatlari muntazam ravishda taqdim etilishini, korxonaga tegishli mol-mulkka doir bitimlarni tuzish bilan bogʻliq masalalar oldindan kelishib olinishini talab qilishga; korxonaga tegishli mol-mulk mulkdoriga yoki u vakolat bergan organga korxona rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish talabi bilan murojaat etishga; ipotekaga qoʻyuvchi tuzgan bitim haqiqiy emas deb topilishini soʻrab sudga daʼvo taqdim etishga; shartnomaga yoki qonunga muvofiq boshqa huquqlarni amalga oshirishga haqlidir. Korxonani ipotekaga qoʻyuvchi garovga qoʻyilgan mol-mulk asralishini taʼminlaydigan chora-tadbirlarni koʻrmagan, bu mol-mulkdan korxona qiymati kamayishiga olib kelishi mumkin boʻlgan tarzda samarasiz foydalangan taqdirda, ipotekaga oluvchi ipoteka bilan taʼminlangan majburiyatning muddatidan oldin bajarilishi toʻgʻrisidagi talab bilan sudga murojaat etishga haqli.