Ipoteka toʻgʻrisida 65-modda. Undiruvni garovga qoʻyilgan uy yoki kvartiraga qaratish

Basharti uy yoki kvartira ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma yoxud qonun asosidagi ipoteka boʻyicha bank, boshqa kredit tashkiloti yoki yuridik shaxs tomonidan shunday uy yoki kvartira olish yoxud qurish uchun berilgan kredit yoki aniq maqsadli qarz qaytarilishini taʼminlash uchun garovga qoʻyilgan boʻlsa, ipotekaga oluvchining undiruvni garovga qoʻyilgan uy yoki kvartiraga qaratishi va uni realizatsiya qilishi bunday uyda yoki kvartirada birgalikda yashayotgan ipotekaga qoʻyuvchining va uning oila aʼzolarining, shu jumladan sobiq oila aʼzolarining foydalanish huquqi tugatilishiga asos boʻladi. Undiruv garovga qoʻyilgan uy yoki kvartiraga sud tartibida ham, suddan tashqari tartibda ham ushbu Qonunda belgilangan qoidalarga rioya etilgan holda qaratilishi mumkin. Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha garovga qoʻyilgan hamda undiruv qaratilgan uy yoki kvartira ushbu Qonunda belgilangan tartibda realizatsiya qilinadi. Garovga qoʻyilgan uy yoki kvartirani boʻshatib berish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.