Ipoteka toʻgʻrisida 7-modda. Ipoteka bilan taʼminlanadigan talablar

Ipoteka ipoteka bilan taʼminlanadigan majburiyat boʻyicha qarzning asosiy summasi ipotekaga oluvchiga toʻliq hajmda yoki ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomada nazarda tutilgan qismi toʻlanishini taʼminlaydi. Kredit shartnomasi yoki qarz shartnomasi boʻyicha majburiyatning ijrosini foizlar toʻlash sharti bilan taʼminlash uchun belgilangan ipoteka kreditorga (qarz beruvchiga) kreditdan (qarz mablagʻlaridan) foydalanganligi uchun unga tegishi kerak boʻlgan foizlar ham toʻlanishini taʼminlaydi. Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ipoteka ipotekaga oluvchiga tegishi kerak boʻlgan: ipoteka bilan taʼminlangan majburiyatni bajarmaganlik, bajarishni kechiktirib yuborganlik yoki oʻzga tarzda lozim darajada bajarmaganlik oqibatida kelib chiqqan zararlarning oʻrnini qoplaydigan va (yoki) neustoyka (jarima, penya) tariqasidagi summalar; sud chiqimlarini va undiruvni garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratish tufayli kelib chiqqan boshqa xarajatlarni qoplaydigan summalar; garovga qoʻyilgan mol-mulkni realizatsiya qilish xarajatlarini qoplaydigan summalar ham toʻlanishini taʼminlaydi. Agar ipotekaga oluvchining ipoteka bilan taʼminlangan talablarining umumiy qatʼiy summasi ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomada koʻrsatilgan boʻlsa, qarzdorning ipotekaga oluvchi oldidagi majburiyatlarining ana shu summadan ortiq qismi ipoteka bilan taʼminlangan deb hisoblanmaydi, ushbu modda uchinchi qismining ikkinchi va toʻrtinchi xatboshilarida yoki ushbu Qonunning 8-moddasida koʻrsatilgan talablar bundan mustasno.