Iqtisodiy sudlarda ishlar muhokamasi oshkora oʻtkaziladi. Davlat sirini, tijorat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni saqlash zarur boʻlgan taqdirda ishni yopiq sud majlisida eshitishga yoʻl qoʻyiladi. Ishni yopiq sud majlisida videokonferensaloqa rejimida eshitishga yoʻl qoʻyilmaydi, bunday majlisning audio- va videoyozuvlari amalga oshirilmaydi. Eshitish yopiq sud majlisida oʻtkazilgan taqdirda ishni elektron shaklda shakllantirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Ishni yopiq sud majlisida muhokama qilish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi. Sudning hal qiluv qarori barcha hollarda oshkora oʻqib eshittiriladi. Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari sudning rasmiy veb-saytida taraflarning roziligi bilan yoki shaxsi koʻrsatilmagan tarzda eʼlon qilinadi, bundan sudning yopiq majlisida qabul qilingan sud hujjatlari mustasno.