Iqtisodiy protsessual kodeksi 138-modda. Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizaga ilova qilinadigan hujjatlar

Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi: 1) davlat boji hamda pochta xarajatlari belgilangan tartibda va miqdorda toʻlanganligini; 2) sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizaning koʻchirma nusxasi qarzdorga topshirilganligini; 3) talabga asos boʻlgan holatlarni. Kommunal xizmatlar uchun haq toʻlash boʻyicha qarzdorlikni undirish toʻgʻrisida talablar bildirilganida sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizaga: 1) isteʼmolchi bilan tuzilgan shartnomaning; 2) qarzdor tan olgan qarz yuzaga kelgan davr koʻrsatilgan qarz hisob-kitobining; 3) penya hisoblanishi toʻgʻrisidagi va isteʼmolchini tegishli kommunikatsiya tarmoqlaridan uzish haqida ogohlantirish koʻrsatilgan, qarzni uzish toʻgʻrisidagi talabning; 4) isteʼmolchini tegishli kommunikatsiya tarmoqlaridan uzish haqidagi yoxud yetkazib berishni texnologik yoki avariya zaxirasi darajasigacha cheklash toʻgʻrisidagi dalolatnomaning koʻchirma nusxalari ilova qilinadi. Agar sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza kreditorning vakili tomonidan imzolangan boʻlsa, arizaga vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi ishonchnoma ilova qilinadi.