Iqtisodiy protsessual kodeksi 170-modda. Daʼvo arizasi yuzasidan yozma fikr, qoʻshimcha dalillar taqdim etilmaganda, shuningdek ishda ishtirok etuvchi shaxslar kelmaganida nizoni hal qilish

Ishda ishtirok etuvchi shaxslarga sud daʼvo arizasi yuzasidan taqdim etishni taklif qilgan yozma fikr yoki qoʻshimcha dalillar taqdim etilmaganligi ishni mavjud materiallar boʻyicha koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi. Ish muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilingan daʼvogar sud majlisiga kelmasa, daʼvogarning ishni uning yoʻqligida koʻrish toʻgʻrisidagi arizasi boʻlgan taqdirda, nizo uning yoʻqligida hal qilinishi mumkin. Ish muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilingan javobgar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar sud majlisiga kelmasa, nizo ularning yoʻqligida hal qilinishi mumkin.