Hal qiluv qarori noaniq boʻlgan taqdirda, ushbu hal qiluv qarorini qabul qilgan sud ishda ishtirok etuvchi shaxsning, davlat ijrochisining, zimmasiga sudning hal qiluv qarorini ijro etish yuklatilgan boshqa organlarning arizasiga koʻra, hal qiluv qarorini uning mazmunini oʻzgartirmagan holda tushuntirishga haqlidir. Hal qiluv qarorini tushuntirish toʻgʻrisidagi ariza ishda ishtirok etuvchi shaxslarni, davlat ijrochisini, sudning hal qiluv qarorini ijro etish zimmasiga yuklatilgan boshqa organlarni ushbu Kodeksning 127-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilgan holda sud tomonidan koʻriladi. Mazkur shaxslarning kelmaganligi arizani koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi. Hal qiluv qarorini tushuntirish toʻgʻrisidagi ariza u berilgan kundan eʼtiboran yigirma kunlik muddatda koʻrib chiqiladi. Hal qiluv qarorini tushuntirish haqida yoki tushuntirishni rad qilish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi. Ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.