Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan, davlat mulkida boʻlgan yer uchastkasini qaytarish, oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzib tashlash toʻgʻrisidagi ishlar ushbu Kodeksda nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha, ushbu bobda belgilangan oʻziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda koʻriladi. Ish sudya daʼvo arizasini ish yurituviga qabul qilish va ish qoʻzgʻatish toʻgʻrisida ajrim chiqargan kundan eʼtiboran yigirma kundan ortiq boʻlmagan muddatda koʻrib chiqilishi kerak. Javobgar daʼvo arizasi yuzasidan yozma fikrini daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ishni sud muhokamasiga tayyorlash toʻgʻrisida ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran oʻn besh kunlik muddatda sudga oʻzi asoslanayotgan hujjatlar va dalillarni ilova qilgan holda taqdim etishga haqli. Yozma fikrga uning koʻchirma nusxasi daʼvogarga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi. Daʼvo arizasi yuzasidan yozma fikr javobgar yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Vakil tomonidan imzolangan yozma fikrga ishonchnoma ilova qilinadi. Daʼvo arizasining sudga yuborilishi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilingan javobgar tomonidan daʼvo arizasi yuzasidan yozma fikr taqdim etilmaganligi daʼvo arizasini koʻrib chiqishga toʻsqinlik qilmaydi. Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan, davlat mulkida boʻlgan yer uchastkasini qaytarish, oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzib tashlash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv tuzilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.