Sud yuridik shaxslarning va yakka tartibdagi tadbirkorlarning iqtisodiyot sohasidagi huquqlarining yuzaga kelishi, oʻzgartirilishi yoki bekor boʻlishi uchun ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlaydi. Sud: yuridik shaxsning yoki yakka tartibdagi tadbirkorning koʻchmas mulkka oʻz xususiy mulki sifatida egalik qilishi va undan foydalanishi faktini; yuridik shaxsning yoki yakka tartibdagi tadbirkorning maʼlum vaqtda va maʼlum joyda davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi faktini; agar yuridik shaxsning hujjatda koʻrsatilgan nomi, yakka tartibdagi tadbirkorning familiyasi, ismi, otasining ismi yuridik shaxsning taʼsis hujjatida koʻrsatilgan nomiga, yakka tartibdagi tadbirkorning pasportida yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasida yoxud tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasida koʻrsatilgan familiyasiga, ismiga, otasining ismiga toʻgʻri kelmasa, iqtisodiyot sohasida amalda boʻlgan huquqni belgilaydigan hujjatning yuridik shaxsga yoki yakka tartibdagi tadbirkorga tegishliligi faktini aniqlash toʻgʻrisidagi ishlarni koʻradi. Sud yuridik ahamiyatga ega boʻlgan boshqa faktlarni ham, agar qonunchilikda ularni aniqlashning boshqacha tartibi nazarda tutilmagan boʻlsa, aniqlashi mumkin.