Huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish ishni sud muhokamasiga tayyorlash toʻgʻrisidagi ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran oʻn besh kundan ortiq boʻlmagan muddatda koʻrib chiqilishi kerak, bundan ariza sudga kelib tushganidan keyin kamida bir oydan soʻng koʻriladigan moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlar mustasno. Sud huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilayotganda sud majlisida: huquqbuzarlik hodisasi boʻlgan-boʻlmaganligini va uning sodir etilganligi faktini; tekshirish uchun va tekshirish natijalari boʻyicha dalolatnoma yoki boshqa hujjat tuzish uchun asoslar va nazorat qiluvchi organning vakolatlari bor-yoʻqligini; mazkur huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun qonunchilikda javobgarlik nazarda tutilgan-tutilmaganligini va huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash uchun asoslar bor-yoʻqligini aniqlaydi. Moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilayotganda sud moliyaviy sanksiyalar summasining hisob-kitobi qanchalik toʻgʻriligini ham tekshiradi. Huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv tuzilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.