Iqtisodiy protsessual kodeksi 232-13-modda. Mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berishni rad etish asoslari

Mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish quyidagi hollarda rad etiladi, agar: mediativ kelishuv qonunchilikka zid boʻlsa; mediativ kelishuvning ijrosi talab etilayotgan shartlari oʻzgartirilgan yoki bekor qilingan boʻlsa; mediativ kelishuvda belgilangan majburiyatlar toʻliq bajarilgan boʻlsa; mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza mediativ kelishuvni ixtiyoriy ijro etish muddati tugagan kundan eʼtiboran olti oy oʻtganidan keyin berilgan boʻlsa, bundan oʻtkazib yuborilgan muddat sud tomonidan uzrli deb topilgan va tiklangan hollar mustasno. Mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish rad etilgan boʻlsa, mediativ kelishuvni tuzgan taraflar bunday nizoni hal qilish uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha iqtisodiy sudga murojaat etishi mumkin.