Iqtisodiy protsessual kodeksi 246-modda. Chet elga mansub hujjatlarga qoʻyiladigan talablar

Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida chet davlatlar muassasalari, tashkilotlari va fuqarolari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi muassasalari, tashkilotlari va fuqarolariga yoki chet ellik shaxslarga nisbatan chet el huquqi normalari boʻyicha belgilangan shakl boʻyicha berilgan, tuzilgan yoki tasdiqlangan hujjatlar, agar Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida yoki Oʻzbekiston Respublikasi hamda bu hujjatlar kelib chiqqan muassasalar va tashkilotlarning davlati ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy sudlari tomonidan faqat konsullik legallashtiruvi mavjud boʻlganda yoxud ularga apostil qoʻyilgan boʻlsa, qabul qilinadi. Chet tilida tuzilgan hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy sudiga taqdim etishda, ushbu hujjatlarga ularning davlat tilidagi yoki iqtisodiy sud ishlari yuritilayotgan tildagi tegishli tarzda tasdiqlangan tarjimasi qoʻshib topshirilishi kerak.