Iqtisodiy protsessual kodeksi 251-modda. Chet davlat sudining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi arizaga ilova qilinadigan hujjatlar

Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, chet davlat sudining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi: 1) arizachi tan olish va ijroga qaratishni soʻrayotgan chet davlat sudining hal qiluv qarori yoki uning chet davlatning yoki Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organi tomonidan tasdiqlangan koʻchirma nusxasi; 2) agar hal qiluv qarori matnining oʻzida koʻrsatilmagan boʻlsa, hal qiluv qarorining qonuniy kuchga kirganligini tasdiqlovchi rasmiy hujjat; 3) hal qiluv qarori qisman ijro etilganligi toʻgʻrisidagi hujjat, agar u tegishli chet davlat hududida ilgari ijro etilgan boʻlsa; 4) oʻziga qarshi hal qiluv qarori qabul qilingan va sud protsessida ishtirok etmagan taraf ishni koʻrish vaqti hamda joyi toʻgʻrisida oʻz vaqtida va tegishli tartibda xabardor qilinganligini anglatuvchi hujjat; 5) vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi ishonchnoma yoki boshqa hujjat; 6) chet davlat sudining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi arizaning koʻchirma nusxasi qarzdorga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjat; 7) agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji hamda pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar; 8) agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu moddaning 1 — 5-bandlarida koʻrsatilgan hujjatlarning belgilangan tartibda tasdiqlangan davlat tilidagi tarjimasi.