Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy sudi chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi arizani ish yuritishga qabul qilish haqidagi masalani hal etishda, u ushbu Kodeks 249 — 252-moddalarining talablari buzilgan holda taqdim etilganligini aniqlasa, ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni oʻz ajrimi bilan qaytaradi. Ajrim, ariza va unga ilova qilingan hujjatlar arizachiga yoki uning vakiliga ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran besh kun ichida yuboriladi. Arizani qaytarish uchun asos boʻlgan holatlar bartaraf etilganidan keyin manfaatdor shaxs umumiy tartibda ariza bilan Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy sudiga yangidan murojaat etishga haqli. Chet davlat sudining yoki arbitrajining hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi arizani qaytarish haqidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Ajrim bekor qilingan taqdirda, ariza iqtisodiy sudga dastlabki murojaat etilgan kunda berilgan deb hisoblanadi.