Iqtisodiy protsessual kodeksi 262-modda. Apellyatsiya shikoyatini (protestini) berish muddati

Agar qonunchilikda boshqacha muddat belgilanmagan boʻlsa, apellyatsiya shikoyati (protesti) birinchi instansiya sudi tomonidan shikoyat qilinayotgan (protest keltirilayotgan) hal qiluv qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oy ichida berilishi mumkin. Sudning soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqilgan, shuningdek huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash, oʻzboshimchalik bilan egallab olingan, davlat mulkida boʻlgan yer uchastkasini qaytarish, oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzib tashlash toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarori qabul qilinganidan keyin oʻn kun ichida berilishi mumkin. Apellyatsiya shikoyatini (protestini) berishning oʻtkazib yuborilgan muddati, shikoyat (protest) bergan shaxsning iltimosnomasi boʻyicha apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan, agar iltimosnoma hal qiluv qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran ikki oydan kechiktirmasdan berilgan va apellyatsiya shikoyatini (protestini) berish muddati oʻtkazib yuborilishining sabablari sud tomonidan uzrli deb topilgan boʻlsa, tiklanishi mumkin. Apellyatsiya shikoyatini (protestini) berishning oʻtkazib yuborilgan muddatini tiklash haqida apellyatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrimda koʻrsatiladi. Apellyatsiya shikoyatini (protestini) berish muddatini tiklashni rad etish haqida apellyatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimda koʻrsatiladi. Ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslar, shuningdek sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilinmagan ishda ishtirok etuvchi shaxslar uchun ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan apellyatsiya shikoyatini berish muddati ularga hal qiluv qarori qabul qilinganligi maʼlum boʻlgan kundan eʼtiboran hisoblanadi.