Ishda ishtirok etuvchi shaxs apellyatsiya shikoyatining (protestining) koʻchirma nusxasini olganidan keyin uning yuzasidan yozma fikrini hamda ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga yozma fikrining koʻchirma nusxalari yuborilganligini tasdiqlovchi dalillarni apellyatsiya shikoyati (protesti) koʻrib chiqiladigan kunga qadar yetib borishini taʼminlaydigan muddatda, apellyatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisida ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran yigirma kundan kechiktirmay sudga yuborishga haqli. Apellyatsiya shikoyati (protesti) yuzasidan yozma fikr ishda ishtirok etuvchi shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Vakil tomonidan imzolangan yozma fikrga uning ishni yuritishga boʻlgan vakolatini tasdiqlovchi ishonchnoma ilova qilinadi. Apellyatsiya shikoyati (protesti) yuzasidan yozma fikrga avval taqdim etilmagan hujjatlar ilova qilinishi mumkin. Bu holda yozma fikrga ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga ularda mavjud boʻlmagan hujjatlarning koʻchirma nusxalari yuborilganligini tasdiqlovchi dalillar ilova qilinadi.