Birinchi instansiya sudining ajrimlari ustidan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Birinchi instansiya sudining qarori, ajrimi ustidan ushbu Kodeksda belgilangan qoidalar boʻyicha berilgan apellyatsiya shikoyati (protesti) ushbu bobda sudning hal qiluv qarori ustidan berilgan apellyatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish uchun nazarda tutilgan tartibda apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan koʻriladi. Apellyatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining qarori, ajrimi ustidan berilgan shikoyatni (protestni) koʻrib chiqish natijalari boʻyicha quyidagilarga haqli: 1) qarorni, ajrimni oʻzgarishsiz qoldirishga; 2) qarorni, ajrimni oʻzgartirishga yoxud bekor qilishga; 3) daʼvo arizasini qabul qilishni rad etish, daʼvo arizasini qaytarish, daʼvo arizasini koʻrmasdan qoldirish, ish yuritishni tugatish, ish yuritishni toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi ajrimni bekor qilishga va daʼvo arizasini, ishni birinchi instansiya sudida koʻrib chiqish uchun yuborishga; 4) ajrimni bekor qilishga va daʼvo arizasini (arizani), ish materiallarini koʻrib chiqish uchun sudga taalluqliligiga koʻra boshqa sudga yuborishga.