Iqtisodiy protsessual kodeksi 324-4-modda. Ishni taftish instansiyasi sudida koʻrish tartibi

Taftish tartibida ish sud majlisida ushbu Kodeksda nazarda tutilgan qoidalarga koʻra, mazkur bobda belgilangan oʻziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda koʻriladi. Taftish tartibida: ishlarni bitta ish yuritishga birlashtirish toʻgʻrisidagi; daʼvoning predmetini yoki asosini, daʼvo talablarining miqdorini oʻzgartirish haqidagi; qarshi daʼvo taqdim etish toʻgʻrisidagi; ishda ishtirok etishga uchinchi shaxslarni jalb qilish haqidagi qoidalar qoʻllanilmaydi. Taftish tartibida ishni koʻrish raislik qiluvchining yoki sudyalardan birining maʼruzasi bilan boshlanadi. Maʼruzachi ishning holatlarini, sud hujjatlarining mazmunini, taftish tartibidagi shikoyat (protest) vajlarini va unga doir kelib tushgan yozma fikrni bayon qiladi. Shundan soʻng sud sud majlisida hozir boʻlgan ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlarini eshitadi. Dastlab taftish tartibida shikoyat bergan shaxs yoki uning vakili yoxud, agar ish prokurorning protesti boʻyicha koʻrilayotgan boʻlsa, prokuror soʻzga chiqadi. Sud hujjati ustidan har ikkala taraf tomonidan shikoyat berilgan boʻlsa, birinchi boʻlib daʼvogar soʻzga chiqadi. Ushbu Kodeksning 50-moddasida nazarda tutilgan tartibda ishda ishtirok etuvchi davlat organlari va boshqa shaxslar, agar ular hal qiluv qarori ustidan shikoyat bermagan boʻlsa, taraflar va uchinchi shaxslardan keyin soʻzga chiqadi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari va prokuror fikri eshitilganidan soʻng sud qaror qabul qilish uchun maslahatxonaga kiradi. Sud muhokamasi tugaganidan keyin qabul qilingan qarorning xulosa qismi eʼlon qilinadi va u ishga qoʻshib qoʻyiladi. Qaror besh kun ichida toʻliq hajmda tuziladi va imzolanadi. Raislik qiluvchi qarorning xulosa qismi eʼlon qilinganidan keyin ishda ishtirok etuvchi shaxslarga qarorning toʻliq hajmda tuzilishi va ularga yuborilishi muddatini tushuntiradi.