Ijro varaqasini ijroga taqdim etish muddatini oʻtkazib yuborgan undiruvchi ijro varaqasini bergan sudga yoki u ijro etiladigan joydagi sudga oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilishga haqli. Muddatni oʻtkazib yuborish sabablari sud tomonidan uzrli deb topilgan taqdirda, oʻtkazib yuborilgan muddat tiklanishi mumkin. Undiruvchining ijro varaqasini ijroga taqdim etish muddatini tiklash toʻgʻrisidagi arizasi u sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran bir oylik muddatda sud majlisida koʻrib chiqiladi. Undiruvchi, qarzdor sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay chiqarilgan sud ajrimi orqali, ushbu Kodeksning 127-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinadi. Sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilingan mazkur shaxslarning kelmaganligi arizani koʻrib chiqish uchun toʻsqinlik qilmaydi. Arizani koʻrish natijalari boʻyicha ajrim chiqariladi, uning koʻchirma nusxasi undiruvchi va qarzdorga yuboriladi. Ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.