Ijro harakatlarini amalga oshirishga toʻsqinlik qiladigan obyektiv holatlar mavjud boʻlganda sud davlat ijrochisining, undiruvchining yoki qarzdorning arizasiga koʻra sud hujjatining ijrosini kechiktirishga yoki uni boʻlib-boʻlib ijro etishga, ijro etish usulini va tartibini oʻzgartirishga haqli. Sud hujjatining ijrosini kechiktirish yoki uni boʻlib-boʻlib ijro etish, agar vakolatli davlat organining qarori yoki taraflarning kelishuvi bilan boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, bir yildan oshmagan muddatga berilishi mumkin. Sud qarzdorga hujjatni kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib ijro etish imkonini berganda sud hujjatining ijro etilishini ushbu Kodeksning 8-bobida nazarda tutilgan tartibda taʼminlash choralarini koʻrishi mumkin. Sud hujjati ijrosini kechiktirish haqidagi yoki uni boʻlib-boʻlib ijro etish toʻgʻrisidagi, ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish haqidagi ariza sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran yigirma kunlik muddatda sud tomonidan sud majlisida koʻrib chiqiladi. Agar sud hujjatining ijrosi davlat ijrochisining ish yurituvida boʻlsa, undiruvchi, qarzdor va davlat ijrochisi sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay chiqarilgan sud ajrimi orqali, ushbu Kodeksning 127-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinadi. Sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilingan mazkur shaxslarning kelmaganligi arizani koʻrib chiqish uchun toʻsqinlik qilmaydi. Arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ajrim chiqarilib, uning koʻchirma nusxasi undiruvchiga, qarzdorga, shuningdek, agar sud hujjatining ijrosi davlat ijrochisining ish yurituvida boʻlsa, davlat ijrochisiga yuboriladi. Ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.