Iqtisodiy protsessual kodeksi 4-modda. Iqtisodiy ish

Iqtisodiy ish ishda ishtirok etuvchi shaxslar va iqtisodiy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari tomonidan sudga taqdim etilgan hujjatlar, ishni koʻrish jarayonida sud tomonidan talab qilib olingan hujjatlar, shuningdek qogʻozda rasmiylashtirilgan sud hujjatlari va boshqa hujjatlar asosida shakllantiriladi. Iqtisodiy ish elektron shaklda shakllantirilishi mumkin. Iqtisodiy ish elektron shaklda shakllantirilgan taqdirda, ishda ishtirok etuvchi shaxslar va iqtisodiy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari oʻz elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan hujjatlarni elektron shaklda sudga taqdim etishga haqli. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar va iqtisodiy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari tomonidan sudga taqdim etilgan yozma hujjatlar ishga elektron shaklda qoʻshib qoʻyiladi, shundan soʻng yozma hujjatlar ularni taqdim etgan shaxslarga qaytariladi. Iqtisodiy ish elektron shaklda shakllantirilgan taqdirda, sud hujjatlari sudyaning (sudyalarning) elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi, sud majlislarining hamda alohida protsessual harakatlarning bayonnomalari esa raislik qiluvchining va sud majlisi kotibining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi. Elektron shakldagi iqtisodiy ishni boshqa sudga yoki boshqa organga oʻtkazish telekommunikatsiya kanallari orqali amalga oshiriladi. Elektron shaklda shakllantirilgan iqtisodiy ishning qogʻozdagi koʻchirma nusxasi boʻlishi mumkin.