Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ish materiallari bilan tanishish, ulardan koʻchirmalar olish, koʻchirma nusxa olish, rad qilish toʻgʻrisida ariza berish, dalillar taqdim etish, dalillarni tekshirishda ishtirok etish, savollar berish, iltimosnomalar kiritish, arz qilish, sudga ogʻzaki va yozma tushuntirishlar berish, ishni koʻrish davomida yuzaga keladigan barcha masalalar boʻyicha oʻz vajlarini, xulosalarini taqdim qilish, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning iltimosnomalari, vajlariga eʼtiroz bildirish, sud hujjatlari ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) hamda ushbu Kodeksda oʻzlariga berilgan boshqa protsessual huquqlardan foydalanish huquqiga ega. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ushbu Kodeksda nazarda tutilgan protsessual majburiyatlarga ega va ular oʻzlariga tegishli barcha protsessual huquqlardan insofli ravishda foydalanishi kerak. Korporativ nizoda ishtirok etayotgan taraflar bir-biridan va guvohlardan sudda koʻrilayotgan ishga taalluqli boʻlishi mumkin boʻlgan barcha hujjatlarni soʻrab olish huquqiga ega, bundan davlat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi hujjatlar mustasno.