Iqtisodiy protsessual kodeksi 44-modda. Ishda bir necha daʼvogar va javobgarning ishtirok etishi

Daʼvo bir necha daʼvogar (sherik daʼvogarlar) tomonidan birgalikda yoki bir necha javobgarga (sherik javobgarlarga) nisbatan taqdim etilishi mumkin. Daʼvogarlar va javobgarlarning har biri boshqa tarafga nisbatan sud protsessida mustaqil ishtirok etadi. Protsessda birgalikda ishtirok etuvchilar ishni olib borishni sherik ishtirokchilardan biriga topshirishi mumkin. Boshqa javobgarning ishtirokisiz ishni koʻrish mumkin boʻlmagan taqdirda, birinchi instansiya sudi hal qiluv qarori qabul qilinguniga qadar daʼvogarning (daʼvogarlarning) roziligi bilan oʻsha javobgarni (javobgarlarni) ishda ishtirok etish uchun jalb etadi. Agar qonunchilikda ishda boshqa javobgar ishtirokining majburiyligi nazarda tutilgan boʻlsa, sud shu javobgarni ishda ishtirok etish uchun oʻz tashabbusi bilan jalb etadi. Sud daʼvogarning iltimosnomasi boʻyicha ham boshqa javobgarni ishda ishtirok etish uchun jalb etishga haqli. Boshqa javobgarni ishda ishtirok etishga jalb etish yoki jalb etishni rad qilish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi. Boshqa javobgar ishda ishtirok etish uchun jalb etilganda ishni koʻrish boshidan boshlanadi.