Iqtisodiy protsessual kodeksi 48-modda. Nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar

Nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorini qabul qilguniga qadar, agar ish ushbu shaxslarning taraflardan biriga nisbatan huquq yoki majburiyatlariga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa, daʼvogar yoxud javobgar tarafida ishga kirishishi mumkin. Ular tarafning iltimosnomasiga yoki sudning tashabbusiga koʻra ham ishda ishtirok etishga jalb qilinishi mumkin. Nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar tarafning protsessual huquqlaridan foydalanadi va uning protsessual majburiyatlarini oʻz zimmasiga oladi, bundan daʼvoning asosini yoki predmetini oʻzgartirish, daʼvo talablarining miqdorini koʻpaytirish yoki kamaytirish, daʼvodan voz kechish, daʼvoni tan olish yoxud kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv tuzish, qarshi daʼvo taqdim etish, sud hujjatining majburiy ijro etilishini talab qilish huquqi mustasno. Nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxsni ishda ishtirok etishga jalb qilish yoki jalb qilishni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi. Agar nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs ishga sud muhokamasi boshlanganidan keyin kirishsa, ishni koʻrish boshidan boshlanadi.