Sudda yuridik shaxslarning ishlarini ularning qonunchilikda yoki taʼsis hujjatlarida berilgan vakolatlar doirasida harakat qiladigan organlari va (yoki) vakillari yuritadi. Fuqarolar oʻz ishlarini sudda shaxsan oʻzlari va (yoki) vakillari orqali yuritishga haqlidir. Fuqaroning ishda shaxsan ishtirok etishi uni ish boʻyicha vakilga ega boʻlish huquqidan mahrum qilmaydi. Muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini sudda ularning qonuniy vakillari (ota-onalari, ularni farzandlikka olganlar, vasiylar yoki homiylar) himoya qiladi. Qonuniy vakillar sudda ish yuritishni oʻzlari tanlagan vakilga topshirishi mumkin. Agar qonunda bu bevosita nazarda tutilmagan boʻlsa, quyidagilar shartnoma boʻyicha (ixtiyoriy) vakillar boʻlishi mumkin: 1) advokatlar; 2) yuridik shaxslarning xodimlari — shu yuridik shaxslarning ishlari boʻyicha; 3) notijorat tashkilotlarining vakolatli vakillari — shu tashkilotlar aʼzolarining ishlari boʻyicha; 4) qonunda boshqa shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish huquqi berilgan notijorat tashkilotlarining vakolatli vakillari; 5) birgalikdagi protsessual ishtirokchilardan biri boshqa birgalikdagi ishtirokchilarning topshirigʻi boʻyicha; 6) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosiga binoan sud tomonidan ruxsat berilgan boshqa shaxslar. Sudda vakil sifatida ishlarni yuritish boʻyicha professional faoliyat bilan faqat advokatlar shugʻullanishi mumkin.