Iqtisodiy protsessual kodeksi 83-modda. Ekspertizaning ekspertlar komissiyasi tomonidan oʻtkazilishi

Ekspertiza bir xil (komissiyaviy ekspertiza) yoki turli xil (kompleks ekspertiza) sud-ekspert ixtisosligidagi bir nechta ekspert tomonidan oʻtkazilishi mumkin. Ekspertizaning ekspertlar komissiyasi tomonidan oʻtkazilishi ekspertizani tayinlagan sud yoki mazkur ekspertizaning oʻtkazilishini tashkil etuvchi davlat sud-ekspertiza muassasasi, nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti yoxud boshqa korxona, muassasa, tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi. Ekspertizani oʻtkazish topshirilgan ekspertlar komissiyasi oʻz oldiga qoʻyilgan masalalarni hal etish zarurligidan kelib chiqib, oʻtkaziladigan tekshirishlarning maqsadi, ketma-ketligi va hajmini kelishib oladi. Ekspertizani oʻtkazish oʻziga topshirilgan ekspertlar komissiyasi tarkibida har bir ekspert tekshirishlarni mustaqil va alohida olib boradi, shaxsan oʻzi va komissiyaning boshqa aʼzolari tomonidan olingan natijalarni baholaydi hamda qoʻyilgan masalalar yuzasidan xulosalarini oʻz maxsus bilimlari doirasida shakllantiradi. Tekshirishlarning ekspertlar komissiyasi tarkibiga kiritilmagan shaxslar tomonidan toʻliq yoki qisman oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.