Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning ish uchun ahamiyatli boʻlgan oʻzlariga maʼlum holatlar toʻgʻrisidagi tushuntirishlari tekshirilishi va boshqa dalillar bilan birga baholanishi lozim. Ishda ishtirok etuvchi shaxs sudning taklifiga koʻra oʻz tushuntirishlarini yozma shaklda bayon qilishi mumkin. Boshqa shaxs oʻz talablarini yoki eʼtirozlarini asoslayotgan faktlarning ishda ishtirok etuvchi shaxs tomonidan tan olinishi sud uchun majburiy emas. Agar faktni tan olish ishning holatlariga muvofiq ekanligiga va aldash, zoʻrlik ishlatish, qoʻrqitish, chalgʻitish taʼsirida yoki haqiqatni yashirish maqsadida qilinmaganligiga sudda shubha tugʻilmasa, u tan olingan faktni aniqlangan deb hisoblashi mumkin.